Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Hayotimizda katta ahamiyatga ega dasturiy hujjat
23 Dec 2017


O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan Murojaatnomasi mamlakatimiz siyosiy-huquqiy tarixida tom ma’noda yangi voqelik bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ko‘plab taraqqiy topgan mamlakatlarda davlat rahbarining milliy parlament a’zolari huzurida eng asosiy va dolzarb siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va jamiyatni demokratik rivojlantirish bo‘yicha Murojaatnoma bilan chiqish tajribasi mavjud.

Chindan ham, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli, bugun O’zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalambor, xalq bilan muloqot prinsipiga g‘oyat uyg‘un va hamohang bo‘lib, har birimizning ish faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

Shuning uchun butun dunyo parlamentarizmi va davlat boshqaruvi tajribasidagi bu yorqin demokratik usulning konstitutsiyaviy-huquqiy mohiyati, tarixi va ahamiyati, unga davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyatlarining munosabati kabi bir qator omillarga muxtasar to‘xtalib o‘tmoqchimiz. 

Davlat boshlig‘ining parlamentga Murojaatnomasi – dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir. Birinchidan, Murojaatnomada Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yo‘nalishlar bo‘yicha nuqtai nazari bayon qilinadi. Ikkinchidan, Murojaatnoma siyosiy, iqtisodiy, g‘oyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflarni ham o‘zida aks ettiradi. Uchinchidan, Prezidentning parlamentga Murojaatnomasi jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari bo‘linishi prinsipini ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy institutdir. 

Jahon amaliyotiga ko‘ra, bunday murojaatnomalarda, bir tomondan, Prezident yakuniga yetgan yilda davlat hokimiyati organlari erishgan yutuq va natijalar haqida hisobot beradi. Ikkinchi tomondan esa, mamlakat rahbari yangi kirib kelayotgan yilda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar dasturini taqdim etadi. 

Dunyo miqyosida olib qaralganda, davlat boshlig‘i tomonidan parlamentga Murojaatnoma taqdim etilishi tarixi olis XIII asrga borib taqaladi. Shu tariqa 800 yildan ortiq tarixga ega ushbu davlat-huquq an’anasiga Buyuk Britaniya Qiroli (Qirolichasi)ning parlament huzurida nutq so‘zlashi – “King’s/Queen’s speech” tantanasi ilk namuna vazifasini o‘tagan. 
Shundan beri Buyuk Britaniya parlamentining har galgi yangi sessiyasi Qirol yoki Qirolichaning ana shunday nutqi bilan boshlanishi huquqiy odatga aylangan. Bunday nutq, odatda, parlamentning yaqin kelajakdagi qonun ijodkorligi faoliyati yuzasidan hukumat tavsiya etgan dastur hisoblanadi. Bu dasturning parlament tomonidan tasdiqlanishi amaldagi hukumatga ishonch votumi bildirilgani bilan tengdir. 

Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham Prezidentning Kongress huzurida har yili Murojaatnoma bilan chiqishi an’anasi mavjud. Bu an’anaga 1790 yil AQShning birinchi Prezidenti Jorj Vashington o‘zining Nyu-Yorkda, parlament minbaridan so‘zlagan batafsil nutqi bilan asos solgan. 

Shu o‘rinda Qo‘shma Shtatlarda bu an’anaga zid holatlar yuz berganini ham aytib o‘tish lozim. Gap shundaki, 1801 yil o‘sha paytdagi AQSh Prezidenti Tomas Jefferson demokratik respublikaga bunday “monarxcha udumlar” mos kelmaydi, deya hisoblagan va o‘z Murojaatnomasini Kongressga maktub shaklida yo‘llagan. 

Maktub shaklidagi Murojaatnoma yo‘llash an’anasi yuz yildan ziyod davom etgach, 1913 yil Prezident Vudro Vilson tashabbusi asosida Kongressga nutq so‘zlash orqali Murojaatnoma qilish amaliyoti qayta tiklangan. Albatta, XX asrning ikkinchi yarmiga qadar ham AQShda ayrim Prezidentlar Kongressga o‘z Murojaatlarini ba’zan yozma ravishda yuborib turgan. Jimmi Karter ayni shunday yo‘l tutgan oxirgi Prezident hisoblanadi. 

O’sha davrda AQShda bu Murojaatnomalar “Prezidentning Kongressga yillik murojaati”, degan nom bilan yuritilgan. Franklin Ruzvelt 1935 yil joriy etgan o‘zgartirishlar asosida AQSh Prezidentining Kongress huzurida so‘zlaydigan har yilgi nutqi “Mamlakatdagi holat to‘g‘risida” (State of the Union Adress), deb nomlanadi. 

AQSh Prezidentining Kongressga har yilgi Murojaatnomasi quyidagi o‘ziga xos jihatlarga ega. 

Birinchisi. Prezident, odatda, qachon parlament huzurida Murojaatnoma bilan nutq so‘zlaydi? 

Bu boradagi AQSh amaliyotiga ko‘ra, dastavval, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Kongress huzurida dekabr oyida Murojaatnoma bilan chiqish qilgan. Ammo, 1934 yil AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 20-tuzatish asosida Kongressning har yilgi ish boshlash davri mart oyidan yanvarga ko‘chirilgani munosabati bilan mazkur muhim rasmiy tadbir yanvar yoki fevral oyida o‘tkaziladigan bo‘lgan. 

Hozirgi kunda AQSh Prezidenti, qoidaga ko‘ra, har yili yanvar oyining oxirgi seshanbasida – yangi saylangan Prezident esa fevral oyining yakunida – Kongress huzurida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Ayni chog‘da, aniq belgilangan reglamentning mavjud emasligi tufayli bu muddat o‘zgarib ham turadi. Masalan, AQSh Prezidentining 2008 yildagi murojaatnomasi yanvarning oxirgi dushanbasida taqdim etilgan edi. 

Ikkinchisi. Davlat rahbari aynan qayerda Murojaatnoma bilan nutq so‘zlaydi? 

Buyuk Britaniya tajribasiga qaraganda, Qirolichaning nutqi mamlakat parlamenti binosida, yangi sessiyaning rasmiy ochilish marosimida o‘qib eshittiriladi. AQShda ham bu rasmiy tadbir parlamentning Vakillar palatasi binosida bo‘lib o‘tadi. Bunda Prezident odatda Spikerning minbaridan turib nutq so‘zlaydi. 

Uchinchisi. Prezident kimlarning oldida Murojaatnomasini taqdim etadi? 

AQShda Prezident parlament palatalarining qo‘shma majlisida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Bu tadbirda Vakillar palatasining 435 nafar deputati va yuqori palataning 100 nafar senatori ishtirok etadi. Prezident Murojaatnomasining parlament palatalari qo‘shma majlisida tinglanishi – ushbu rasmiy davlat-huquqiy tadbirining mamlakat hayotida g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi. 

Prezident Murojaatnomasi taqdim etiladigan qo‘shma majlisda, shuningdek, AQSh Oliy sudi sudyalari, vazirlar, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasining a’zolari hozir bo‘ladi. 

To‘rtinchisi. Prezident Murojaatnomasini ommaviy axborot vositalarida yoritish borasida qanday tajriba to‘plangan? 

Bu savolga javob berish uchun yana AQSh amaliyotiga tayanamiz. Prezident Jon Kuoijning 1923 yilgi Murojaatnomasi jahonda ilk bor radio to‘lqinlari yordamida tarqatilgan shunday muhim hujjatdir. Garri Trumenning 1947 yilgi nutqi esa birinchi marta televideniyeda namoyish etilgan Prezident Murojaatnomasi hisoblanadi. 

O’z navbatida, 1965 yil AQSh Prezidenti Lindon Jonson kunning kechki qismida Murojaatnoma bilan Kongressda nutq so‘zlagan. Hozirgi kungacha kuchda bo‘lgan bu amaliyotdan ko‘zlangan maqsad, albatta, Prezident Murojaatnomasi mazmunidan imkon qadar ko‘proq kishilarni ommaviy axborot vositalari orqali bevosita xabardor qilishdan iborat. Bill Klintonning 1997 yilda Kongressda so‘zlagan nutqi ilk marotaba internet tarmog‘i orqali e’lon qilingan Murojaatnomadir. 

Bugungi kunda AQSh Prezidentining Murojaatnomasi televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatiladi va Oq uy ma’muriyatining maxsus saytida (http: //www.whitehouse.gov) onlayn rejimida uzatiladi. Shu bilan birga, Murojaatnomaning to‘liq matni ham o‘sha saytda e’lon qilinadi. 

AQShning bu sohadagi amaliyotidan ko‘proq misollar keltirayotganimizning sababi shundaki, Qo‘shma Shtatlar ayni yo‘nalishda katta ijobiy tajriba to‘plagan. Binobarin, Amerika Konstitutsiyasi Prezidentga ham, Kongressga ham bir-birini hisobga olmagan holda o‘ta muhim qarorlarni qabul qilishiga va mamlakatni boshqarishiga yo‘l bermaydi. Bunda ularning o‘zaro kelishuv, hamkorlik va hamjihatlik, ya’ni konstitutsiyaviy “o‘zaro bir-birini tiyib turish” prinsipi asosida ish olib borishi talab etiladi. 

AQSh Konstitutsiyasining II moddasi, 3-bo‘limiga muvofiq, Prezident vaqti-vaqti bilan Ittifoq ahvoli to‘g‘risida Kongressga hisobot berib turadi hamda o‘zi zarur va maqsadga muvofiq deb hisoblagan chora-tadbirlarni ko‘rib chiqish uchun Senatga taqdim etadi. Amerikaliklarning bu tajribasi keyingi davrda boshqa davlatlarda ham keng ommalashmoqda. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti har yili Federal Majlis huzurida Murojaatnoma bilan chiqish qiladi. Bu haqda so‘z borganda, sobiq tuzum siyosiy hayotida, SSSR Prezidenti lavozimi ta’sis etilguniga qadar, parlamentga Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti umuman mavjud bo‘lmaganini qayd etish lozim. 

Bunday holat, hoynahoy, sovetlar siyosiy-huquqiy amaliyoti hokimiyat vakolatlarining bo‘linishi nazariyasini tan olmaganligi bilan bog‘liq. SSSR Prezidenti instituti joriy etilgach, Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lishiga qaramay, ushbu lavozimni qisqa fursat egallab turgan M.Gorbachyov ayni normalarni amaliyotda to‘laqonli qo‘llab ulgurmagan.

Rossiyada davlat boshlig‘ining qonun chiqaruvchi oliy organga Murojaatnoma bilan chiqishiga doir norma ilk bor 1991 yil 24 aprelda qabul qilingan “RSFSR Prezidenti to‘g‘risida”gi qonunda (5-moddaning 3-bandi) o‘z aksini topgan bo‘lsa-da, 1993 yil amaldagi Rossiya Konstitutsiyasi kuchga kirganidan keyin mazkur amaliyot har yilgi an’ana tusini oldi. Rossiya Prezidenti B.Yelsin Federal Majlisga birinchi Murojaatnomasini 1994 yil 24 fevralda taqdim etgan. 

Hozirgi vaqtda davlat boshlig‘ining parlamentga Murojaatnoma taqdim etishi instituti bir paytlar sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan va bugun mustaqil taraqqiyot yo‘lidan shaxdam borayotgan qator mamlakatlarda amal qilmoqda. Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston shular sirasiga kiradi. Ushbu davlatlar safiga endi O’zbekiston ham qo‘shildi. 

Bu masalaga huquqiy jihatdan yondashilsa, bir tomondan, Prezidentning parlamentga Murojaatnomasi davlat boshlig‘i imzolaydigan normativ-huquqiy hujjatlar qatoriga kirmaydi va yuridik kuchga ega emas. Shuni ta’kidlash joizki, konstitutsiyaviy tabiatidan kelib chiqilsa, Murojaatnoma yuridik hujjat hisoblanmaydi: u Prezident chiqaradigan uchta huquqiy hujjat – farmon, qaror va farmoyish qatorida mavjud emas. 

Binobarin, Asosiy qonunimizning 94-moddasida belgilanganidek, “O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Konstitutsiyaga va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo‘lgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi”. 

Ikkinchi tomondan esa, Prezident Murojaatnomasi siyosiy va huquqiy jihatdan nihoyatda katta ahamiyatga molik dasturiy hujjatdir. Bu hujjat nafaqat parlamentga, mohiyatan yondashganda, O’zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining barcha organlariga qaratilgan Murojaatnoma hisoblanadi. 

Shu ma’noda, Prezidentning Murojaatnomasini farmoyish maqomidagi xususiyatlarga ega muhim siyosiy-huquqiy hujjat, deb baholash maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, Prezident Murojaatnomasiga davlat boshlig‘i faoliyatining normativ-siyosiy-huquqiy shakli, degan ta’rif berilishi ham to‘g‘ri, deb o‘ylaymiz. 

Yana bir muhim masala. Murojaatnomaning shakli va mazmuni qanday bo‘lishini bevosita Prezident hal etadi. Zero, bu borada muayyan qoida yo reglament ishlab chiqilmagan. Qonunlarda hatto parlamentning Prezident Murojaatnomasiga nisbatan qanday yo‘l tutishi kerakligi, ya’ni bunday amaliyotning aniq shakl va mexanizmlari ko‘zda tutilmagan. 

Agar Rossiyaning ushbu yo‘nalishdagi tajribasiga e’tibor qaratilsa, Federal Majlis palatasi Rossiya Prezidenti Murojaatnomasida qayd etilgan qonun ijodkorligiga taalluqli chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida ko‘pincha alohida qarorlar chiqarganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi sub’ektlari ham Murojaatnomada belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan o‘z normativ hujjatlarini qabul qiladi. 

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan Murojaatnomasining quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatish mumkin. 

Birinchi xususiyati: Murojaatnomada 2017 yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili yakunlari chuqur tahlil qilindi. Davlatimiz rahbari, jumladan, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning dastlabki natijalari aholining hayoti va kundalik turmushida o‘zining yaqqol ifodasini topayotgani, odamlarning ijtimoiy faolligi, ertangi kunga ishonchi o‘sib borayotganini ta’kidladi. 

Ikkinchi xususiyati: Murojaatnomada yangi, 2018 yil O’zbekistonda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilindi. Mazkur yilda Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladigan navbatdagi eng asosiy vazifalar bayon etildi. 

Uchinchi xususiyati: Oliy Majlis palatalarining 2018 yildagi qonun ijodkorligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Prezidentimiz qayd etganidek, parlament xalqning dardi va muammolarini hal etadigan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadigan “tafakkur markazi” vazifasini bajarishi zarur. 

Dunyo tajribasi bilan qiyoslaganda, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnoma taqdim etishi timsolidagi mazkur siyosiy-huquqiy tadbir bu boradagi eng ilg‘or xorijiy amaliyotga mos va mutanosib ravishda o‘tdi, deyishga barcha asoslarimiz bor. 

Birinchi asos – O’zbekiston Prezidenti o‘zining dastlabki Murojaatnomasini Oliy Majlisning qo‘shma palatalari a’zolari huzurida taqdim etdi. 

Ikkinchi asos – davlat boshlig‘ining Murojaatnomasi poytaxtimizdagi muhtasham Simpoziumlar saroyida keng jamoatchilikka havola etildi. 

Uchinchi asos – ushbu muhim tadbir ishtirokchilarining ko‘lami va tarkibi ham milliy amaliyot, ham xorijiy tajriba nuqtai nazaridan beqiyosdir. Unda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi raislari, O’zbekiston hukumati, viloyatlar hokimlari, yurtimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va jamoatchilik vakillari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

Shu bilan birga, videokonferensiya aloqa tizimi orqali unda O’zbekistonning 33 ta davlatdagi elchixonalarining xodimlari, tuman, shahar va viloyatlardagi mahalliy Kengashlarga saylangan xalq deputatlari hamda barcha bo‘g‘indagi ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar vakillari keng tarkibda qatnashdi. 

To‘rtinchi asos – O’zbekiston Prezidentining Oliy Majlis qo‘shma palatalariga Murojaatnomasi taqdim etilgan muhim anjuman «O’zbekiston 24» telekanalida jonli ravishda efirga uzatildi. Shuningdek, rasmiy tadbir tafsilotlari bir qator saytlarda onlayn tarzda yoritib borildi (http://uza.uz), (http://xs.uz), (http://kun.uz)

Shundan ham ko‘rinib turibdiki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan parlamentga taqdim etilgan Murojaatnoma nafaqat ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy, huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda, balki qonun ijodkorligi bilan bog‘liq jarayonlarda ham g‘oyat katta ahamiyat kasb etadi. Davlat boshlig‘ining Murojaatnomasida bayon etilgan reja va loyihalar, hech shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini, Vatanimiz obro‘-e’tiborini yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga qaratilgandir. 

Akmal Saidov,
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar,
nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi
boshqarish organlari qo‘mitasi raisi.

Manba: Akmal Saidov, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi. / Ko'rishlar: 179

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech