Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi 

NIZOMI


I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Namunaviy nizom Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi (bundan buyon matnda Respublika kengashi deb yuritiladi) tomonidan Respublika kengashi Ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun tashkil qilingan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi faoliyatini tartibga soladi.

2. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi Respublika kengashining filiali hisoblanadi va hududiy adliya organlaridan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi (bundan buyon matnda Toshkent shahar kengashi deb yuritiladi) sifatida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tadi va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi.

3. Toshkent shahar kengashi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar, Respublika kengashi Ustavi va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.

4. Toshkent shahar kengashining ijro apparati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4944-sonli Farmonining 3-5-ilovalariga muvofiq tasdiqlangan.

5. Toshkent shahar kengashi o‘z faoliyatida qonuniylik, oshkoralik, mustaqillik, ijtimoiy adolat, insonparvarlik, o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va kollegiallik tamoyillariga amal qiladi.

6. Toshkent shahar kengashi o‘z maqomiga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish, faoliyatini muvofiqlashtirish, qo‘llab-quvvatlash, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda uslubiy rahbarlikni amalga oshirish va ularning faoliyatida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.

7. Toshkent shahar kengashi faoliyatining muddati cheklanmagan.

8. Toshkent shahar kengashi o‘z faoliyatini Toshkent shahar hududida amalga oshiradi.

9. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashining

To‘liq rasmiy nomi:
  • o‘zbek tilida – Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi;
  • rus tilida – Sovet po koordinatsii deyatelnosti organov samoupravleniya grajdan goroda Tashkent.
Qisqartirilgan rasmiy nomi:
  • o‘zbek tilida –Toshkent shahar mahallalar kengashi
  • rus tilida – Sovet maxalley goroda Tashkent
Doimiy asosda ishlaydigan rahbar organi joylashgan joyi (manzili): Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Istiqlol ko‘chasi, 51-uy. 

II. Toshkent shahar kengashining maqsad va vazifalari

10. Toshkent shahar kengashining maqsadi – fuqarolar yig‘inlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish, faoliyatini muvofiqlashtirish, qo‘llab-quvvatlash, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda uslubiy rahbarlikni amalga oshirish va ularning faoliyatida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.

11. Toshkent shahar kengashi tegishli hududda quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
  • tuman kengashlari faoliyatiga rahbarlikni Respublika kengashi Ustavi va mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshirish orqali ular zimmasidagi vazifalarni samarali tashkil etishlarini ta’minlash;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish;
  • jamiyatda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada rivojlantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda mustahkamlashda mahallalarning ahamiyati va nufuzini yanada oshirish;
  • yoshlarni ma’naviy boy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularning bandligini ta’minlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash;
  • jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda, huquqbuzarliklarning oldini olishda, fuqarolarda qonunga hurmat hissini kuchaytirishda mahallalarning bevosita ishtirokini kengaytirish;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, mahalla tizimida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatidagi muammolarni kompleks o‘rganish va tizimli hal qilish choralarini ko‘rish, ularning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan asosli takliflar hamda ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqish;
  • fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ilg‘or tajribalarini ommalashtirish, ular tomonidan ishlab chiqilgan istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish;
  • mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, fuqarolar ijtimoiy faolligini oshirish hamda mahalla institutining ahamiyati va rolini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;
  • oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganib borish, tahlil qilish va aniqlangan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishda tuman kengashlari hamda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • tuman kengashlari shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlariga nisbatan belgilangan talablarni hisobga olgan holda tizimda munosib kadrlarning faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlash, ularning malakasini oshirish va zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • fuqarolarning jamiyatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirishda tuman kengashlari va fuqarolar yig‘inlari tomonidan jamoatchilik nazoratini olib borish bo‘yicha vazifalar ko‘lamini yanada kengaytirish choralarini ko‘rish;
  • tuman kengashlari va fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha takliflar tayyorlash va bu borada aniq chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash;
  • tuman kengashlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • Nizom doirasida hududdagi davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ular bilan hamkorlikda qo‘shma dastur hamda loyihalarni ishlab chiqish va ijtimoiy sheriklik asosida amalga oshirish.

III. Toshkent shahar kengashining huquq va majburiyatlari

12. Toshkent shahar kengashi quyidagi huquqlarga ega:
  • tegishli hududdagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirishga doir qarorlar qabul qilish va ularning ijrosini nazorat qilish;
  • zaruratga ko‘ra, navbatdan tashqari tuman kengashlarining majlislari va yig‘ilishini chaqirish;
  • tegishli hududdagi fuqarolar yig‘inini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishini) hamda fuqarolar yig‘ini Kengashini chaqirish;
  • tegishli hududdagi fuqarolar yig‘inlari xodimlari lavozimlari bo‘yicha kadrlar zaxirasini shakllantirish va munosib nomzodlar bo‘yicha fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi)ga hamda fuqarolar yig‘ini Kengashiga tuman kengashlari orqali takliflar kiritish;
  • tegishli hududdagi fuqarolar yig‘inlarining xodimlari bilan suhbatlar o‘tkazish, asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar raislari va a’zolarining malakasini oshirishga doir qarorlar qabul qilish;
  • tegishli hududdagi davlat organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan Toshkent shahar kengashi vakolatiga taalluqli zarur ma’lumot va materiallarni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
  • Toshkent shahar kengashi yig‘ilishlariga tuman kengashlari va fuqarolar yig‘inlari xodimlarini jalb etish hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarining holatini muhokama etish va tegishli qarorlar qabul qilish;
  • tuman kengashlari faoliyati yuzasidan vakolatli davlat organlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalarni ko‘rib chiqish, muhokama qilish va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilish;
  • tegishli hududdagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati yuzasidan vakolatli davlat organlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalarni ko‘rib chiqish, muhokama qilish va ular yuzasidan tegishli tuman kengashi bilan birgalikda fuqarolar yig‘inlarida (fuqarolar vakillarining yig‘ilishlarida) hamda yig‘in Kengashlarida tegishli qarorlar qabul qilinishini tashkil etish;
  • tegishli hududdagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha O‘quv kurslari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlarga o‘z vaqtida qatnashmagan, sinov imtihonini topshirmagan (suhbatdan o‘tmagan) tinglovchilar to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlarni ko‘rib chiqish, muhokama qilish va ular yuzasidan fuqarolar yig‘inlarida (fuqarolar vakillarining yig‘ilishlarida) hamda fuqarolar yig‘inlari Kengashlarida tegishli qarorlar qabul qilinishini tashkil etish bo‘yicha tuman kengashlariga ko‘rsatmalar berish;
  • tuman kengashlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlash;
  • mahalliy davlat hokimiyati organlariga tuman kengashlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini yanada yaxshilash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga doir tashabbuslar bilan chiqish va takliflar kiritish;
  • mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqishda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ishtirok etish;
  • sudda, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarida o‘z manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish, belgilangan tartibda sudda da’vogar hamda javobgar sifatida qatnashish;
  • mol-mulkga, mustaqil balansiga, banklarda milliy va xorijiy valyuta hisob raqamlariga ega bo‘lish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hamda mazkur Nizomga muvofiq, pul mablag‘lari va mol-mulkdan foydalanish;
  • tuman kengashlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatiga oid ma’lumotlar va axborotlarni olish, shu jumladan, ularni umumlashtirish, tahlil qilish va amaliyotda foydalanish;
  • tuman kengashlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga doir uslubiy tavsiya va qo‘llanmalarni tayyorlash yuzasidan Respublika kengashiga takliflar kiritish.

Respublika kengashi boshqaruvi raisi bilan kelishilgan holda:
  • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy bitimlarni tuzish;
  • yuridik va jismoniy shaxslardan xayriyalar, homiylik yordamlari, grantlar va boshqa mablag‘lar olish;
  • o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot tarqatish; 
  • o‘z nomidan shartnomalar tuzish, mulkiy va nomulkiy huquqlarga ega bo‘lish; 
  • Nizomda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida o‘quv-uslubiy markazlar hamda axborot-resurs markazlarini tashkil etish;
  • ko‘rik-tanlovlar va turli sport musobaqalarini tashkil etish, g‘oliblarni mukofotlash;
  • belgilangan tartibda mol-mulkni sotish hamda sotib olish, ijaraga berish va olish;
  • o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan yig‘ilishlar, konferensiyalar, tegishli hududdagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari (oqsoqollari) va faollari uchun o‘quv-seminarlari va davra suhbatlari tashkil etish;
  • qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarni amalga oshirish.

13. Toshkent shahar kengashi majburiyatlari:
  • O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlariga, Respublika kengashi Ustaviga, ushbu Nizomga, Respublika kengashi va Toshkent shahar kengashi rahbar organlarining qarorlariga rioya etish;
  • tegishli hududdagi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish; 
  • tuman kengashlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining samarali faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlash;
  • Respublika kengashi boshqaruvi raisi bilan kelishilgan holda o‘z mol-mulki va pul mablag‘laridan foydalanish, shu jumladan, moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi axborot bilan tanishish erkinligini ta’minlash;
  • o‘z faoliyati haqida Respublika kengashiga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etish;
  • tegishli hududdagi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining so‘roviga ko‘ra, o‘z faoliyati haqida ularga hisobot, axborot va ma’lumotlar berish;
  • ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan tadbirlar o‘tkazishni kelishib olish 
  • va uning vakiliga o‘tkazilayotgan tadbirlarga erkin kirish imkonini berish;
  • Toshkent shahar kengashi va tuman kengashlari xodimlari lavozimlari bo‘yicha kadrlar zaxirasini shakllantirish;
  • Toshkent shahar kengashi va tuman kengashlari xodimlarining hisobini hamda ish vaqtini hisobga olish tabelini yuritish va tasdiqlash;
  • Toshkent shahar kengashi va tuman kengashlari xodimlarining mehnat daftarchalarini saqlash va belgilangan tartibda yuritish; 
  • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buxgalteriya hisobining yuritilishini ta’minlash;
  • Toshkent shahar kengashi va tuman kengashlari xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash;
  • ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, davlat soliq xizmati organlariga va davlat statistikasi organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etish;
  • Toshkent shahar kengashining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

IV. Toshkent shahar kengashining rahbar organlari va tuzilmasi 

14. Quyidagilar Toshkent shahar kengashining rahbar organlari hisoblanadi:
  • Toshkent shahar kengashi konferensiyasi;
  • Toshkent shahar kengashi;
  • Toshkent shahar kengashi boshqaruvi.

15. Toshkent shahar kengashi konferensiyasi Toshkent shahar hududiy kengashining oliy rahbar organi hisoblanib, 5 yilda kamida bir marotaba Respublika kengashining qarori bilan o‘tkaziladi.
Toshkent shahar kengashi konferensiyasini chaqirish, delegatlar me’yori, kun tartibi, o‘tkazish vaqti va joyi Respublika kengashining qarori bilan belgilanadi va kamida ikki oy oldin e’lon qilinadi.
Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari konferensiyasi zarur hollarda, Respublika kengashi boshqaruvi va taftish komissiyasi a’zolari yoki tegishli hududdagi fuqarolar yig‘inlari raislarining yarmidan ko‘pining tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin.
Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari konferensiyasini chaqirish, delegatlar me’yori, kun tartibi, o‘tkazish vaqti va joyi to‘g‘risida kamida bir oy oldin e’lon qilinadi.
Toshkent shahar kengashi konferensiyasi tumanlardan saylangan delegatlar ishtirokida o‘tkaziladi.
Toshkent shahar kengashi konferensiyasida belgilangan me’yor asosida Respublika kengashi konferensiyasida ishtirok etadigan delegatlar saylanadi.

Toshkent shahar kengashi konferensiyasi quyidagi vakolatlarga ega:
  • Toshkent shahar kengash raisi va uning o‘rinbosarlarining faoliyat yo‘nalishlariga doir hamda taftish komissiyasi hisobotlarini eshitish, ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilish;
  • Toshkent shahar kengashi tarkibini saylash;
  • Taftish komissiyasi raisi va a’zolarini saylash;
  • Respublika kengashi Konferensiyasida ishtirok etish uchun delegatlarni saylash;
  • Toshkent shahar kengashi raisi, birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari hamda Kengash kotibi (tashkiliy-uslubiy sho‘ba mudiri)ni 5 (besh) yil muddatga lavozimga saylash;
  • Toshkent shahar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Kengash kotibi (tashkiliy-uslubiy sho‘ba mudiri), tuman kengashi raisining birinchi o‘rinbosari hamda fuqarolar yig‘inlari raislari orasidan kamida 13 (o‘n uch) kishidan iborat tarkibda kengash boshqaruvi raisi va a’zolarini tasdiqlash;
  • Respublika kengashining qarori asosida boshqa vakolatlarni amalga oshirish mumkin.
  • Konferensiyalar oralig‘idagi rahbar organ bo‘lgan Toshkent shahar kengashiga Toshkent shahar kengash tarkibini, kengash raisi, birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari hamda Kengash kotibi (tashkiliy-uslubiy sho‘ba mudiri), kengash boshqaruvi raisi va a’zolarini 5 (besh) yil muddatga tasdiqlash vakolatlari Respublika kengashining qarori bilan berilishi mumkin.

16. Toshkent shahar kengashi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari a’zolari, Moliya, Ichki ishlar, Mehnat, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, boshqa davlat va nodavlat tashkilotlarning hududiy tuzilmalari rahbar xodimlari, fuqarolar yig‘inlari raislaridan iborat tarkibda (kamida 40 kishidan kam bo‘lmagan tarkibda) 5 (besh) yil muddatga tuziladi.
Toshkent shahar kengashi konferensiyalar oralig‘ida Toshkent shahar kengashining faoliyati ustidan rahbarlikni amalga oshiradi.
Toshkent shahar kengashi majlisi har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladi, zaruratga ko‘ra Respublika kengashi boshqaruvi va taftish komissiyasi a’zolari yoki fuqarolar yig‘inlari raislarining yarmidan ko‘pining talabiga ko‘ra navbatdan tashqari o‘tkazilishi mumkin.
Toshkent shahar kengashi majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va Toshkent shahar kengashi raisi tomonidan tasdiqlanadi.

Toshkent shahar kengashi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
  • Respublika kengashi va Toshkent shahar kengashi konferensiyalari qarorlari ijrosini ta’minlash va nazorat qilish;
  • Toshkent shahar kengashi boshqaruvi raisi va a’zolarini tasdiqlash, faoliyatini nazorat qilish, hisobotlarini eshitish va muhokama qilish hamda tegishli qarorlar qabul qilish;
  • zarurat bo‘lganda konferensiyalar oralig‘ida Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari farmoyishiga asosan, Toshkent shahar kengashi raisining birinchi o‘rinbosarini, yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarini, Kengash kotibini (tashkiliy-uslubiy sho‘ba mudiri) lavozimga tasdiqlash va lavozimdan ozod etish;
  • Respublika kengashi boshqaruvi qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining Namunaviy nizomi asosida o‘z Nizomini ishlab chiqib tasdiqlash;
  • Toshkent shahar kengashi konferensiyasi qarorlarini, Respublika kengashi Ustavi va ushbu Nizom talablarini hayotga tadbiq etish, Toshkent shahar kengashi ishlarini muvofiqlashtirish, joriy va tashkiliy masalalarni hal etish uchun Toshkent shahar kengashi majlisida Toshkent shahar kengashi boshqaruvi raisi va a’zolarini 5 (besh) yil muddatga tasdiqlash;
  • taftish komissiyasi hisobotini eshitish hamda taftish komissiyasi raisi va a’zolarini 5 (besh) yil muddatga tasdiqlash;
  • Toshkent shahar kengashi ish rejasini tasdiqlash; 
  • Toshkent shahar kengashi boshqaruvi faoliyatini nazorat qilish;
  • Toshkent shahar kengashiga a’zo bo‘lgan davlat va jamoat tashkilotlarining tegishli hududdagi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan samarali hamkorligining amalga oshirilishini ta’minlash;
  • Toshkent shahar kengashga a’zo bo‘lgan davlat va jamoat tashkilotlari rahbar xodimlarining fuqarolar yig‘inlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish va tegishli qarorlar qabul qilish;
  • Toshkent shahar kengashining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga doir boshqa vakolatlarni amalga oshirish;
  • Toshkent shahar kengashi vakolatlariga Respublika kengashi Ustavi va ushbu Nizomga muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.

17. Toshkent shahar kengashi boshqaruvi Toshkent shahar kengashi konferensiyasi va Toshkent shahar kengashi majlislari oralig‘ida uning joriy faoliyatini amalga oshiradi.
Toshkent shahar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Kengash kotibi (tashkiliy-uslubiy sho‘ba mudiri) hamda tuman kengashi raisining birinchi o‘rinbosarlari va fuqarolar yig‘inlari raislari orasidan kamida 13 (o‘n uch) kishidan iborat tarkibda Toshkent shahar kengashi boshqaruvi shakllantiriladi.
Toshkent shahar kengashi boshqaruvi a’zolari 5 (besh) yil muddatga tasdiqlanadi va unga kengash raisining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi.

Toshkent shahar kengashi boshqaruvi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
  • Toshkent shahar kengashi konferensiyasi va majlislari oralig‘ida uning joriy faoliyatini amalga oshirish;
  • Toshkent shahar kengashi majlisini chaqirish, majlisda muhokama etiladigan masalalar bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va qabul qilingan qarorlarning bajarilishini ta’minlash;
  • o‘z faoliyati haqida Toshkent shahar kengashi majlisida hisobot berish;
  • Respublika kengashi boshqaruvi yig‘ilishi hamda taftish komissiyasi qarorlari ijrosini ta’minlash va nazorat qilish;
  • Toshkent shahar kengashining hamda tuman kengashining yillik byudjeti va moliyaviy hisobotini, daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlash uchun Respublika kengashi boshqaruviga kiritish;
  • belgilangan tartibda Toshkent shahar kengashining hamda tuman kengashining ijro apparati shtatlar jadvali va ish haqi miqdorini tasdiqlash uchun Respublika kengashi boshqaruviga kiritish;
  • Toshkent shahar kengashi va tuman kengashi faoliyatiga taalluqli masalalar bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruviga takliflar kiritish;
  • Toshkent shahar kengashining pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklaridan Respublika kengashi Ustavida va ushbu Nizomda belgilangan vazifalar, tasdiqlangan reja va loyihalarga muvofiq maqsadli foydalanilishini ta’minlash;
  • Toshkent shahar kengashi mablag‘larini sarflash yuzasidan qarorlar qabul qilish;
  • Toshkent shahar kengashi faoliyatining barcha masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish;
  • Toshkent shahar kengashi faoliyati uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlarni (tahliliy ma’lumotlar, jadvallar va h.k.) shakllantirish va qarorlar loyihalari bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish; 
  • Toshkent shahar kengashi boshqaruvi yig‘ilishi vakolatlariga Respublika kengashi Ustaviga va ushbu Nizomga muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
  • Toshkent shahar kengashi boshqaruvi yig‘ilishi qaror bilan rasmiylashtiriladi, qarorlar Toshkent shahar kengashi boshqaruvi a’zolari bilan kelishilgan holda kengash raisining birinchi o‘rinbosari tomonidan imzolanadi. 

18. Toshkent shahar hokimi Toshkent shahar kengashiga jamoatchilik asosida raislik qiladi.

Toshkent shahar kengashi raisi:
  • Toshkent shahar kengashiga yuklangan vazifalarning bajarilishini tashkillashtiradi;
  • Toshkent shahar kengashi majlislari kun tartibini belgilaydi va chaqiradi;
  • Toshkent shahar kengashi majlislarini boshqaradi, uzrli sabablarga ko‘ra ushbu vakolatni Toshkent shahar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari zimmasiga yuklaydi;
  • Toshkent shahar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
  • Toshkent shahar kengashining ijro apparati faoliyatini nazorat qiladi;
  • Toshkent shahar kengashining samarali ishlashini ta’minlashga doir boshqa ishlarni bajaradi;
  • Toshkent shahar kengashi faoliyati bilan bog‘liq xatlar va boshqa hujjatlarni imzolash vakolatini Toshkent shahar kengashi raisining birinchi o‘rinbosariga (uzrli hollarda rais o‘rinbosarlariga) beradi;
  • Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosariga Toshkent shahar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda Kengash kotibi (tashkiliy-uslubiy sho‘ba mudiri) lavozimlariga nomzodlarni tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha taqdimnoma kiritadi.
  • Toshkent shahar kengashi raisi vakolatlariga Respublika kengashi Ustaviga va ushbu Nizomga hamda Respublika kengashi yig‘ilishi bayonnomalariga muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.

19. Toshkent shahar kengash raisining birinchi o‘rinbosari:
  • bir vaqtning o‘zida (jamoatchilik asosida) O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining Toshkent shahar bo‘limiga raislik qiladi;
  • Toshkent shahar kengashi konferensiyalari va kengash majlislari oralig‘ida kengash boshqaruviga raislik qiladi hamda Toshkent shahar kengashi ijro apparati faoliyatini boshqaradi;
  • Toshkent shahar kengashi ijro apparati boshqaruvi faoliyatiga doir buyruqlar chiqaradi;
  • Respublika va Toshkent shahar kengashlari konferensiyalari, kengash boshqaruvlari hamda taftish komissiyasi qarorlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qiladi;
  • Toshkent shahar kengashi ish rejasining amalga oshirilishini ta’minlaydi;
  • Toshkent shahar kengashi va boshqaruvi a’zolarining hamda Toshkent shahar kengashi ijro apparati xodimlarining zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;
  • faoliyat yo‘nalishlariga taalluqli materiallarni to‘plash, tahlil qilish, qarorlar va chora-tadbirlar rejalari loyihalarini tayyorlaydi;
  • tuman kengashi faoliyatiga rahbarlik qiladi, ish faoliyatini tahlil qiladi, umumlashtiradi va ularning natijalari bo‘yicha hisobot hamda axborot materiallarni tayyorlaydi;
  • Toshkent shahar kengashining yillik xarajatlar smetasi, yillik balansi va moliyaviy hisobotini o‘z vaqtida belgilangan tartibda tayyorlanishini ta’minlaydi hamda Toshkent shahar kengashi nomidan barcha hujjatlarni imzolaydi;
  • Toshkent shahar kengashining hamda tuman kengashining yillik daromadlar va xarajatlar smetasi, shtatlar jadvali loyihalarini Respublika kengashiga tasdiqlash uchun kiritadi;
  • Respublika kengashi tomonidan tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga asosan Toshkent shahar kengashining pul mablag‘lari va mol-mulkidan foydalanadi hamda uni tasarruf etadi;
  • Toshkent shahar kengashining bank va moliyaviy hujjatlariga birinchi imzo chekadi; 
  • Toshkent shahar kengashi majlislari kun tartibini belgilash va chaqirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi raisiga takliflar kiritadi;
  • Toshkent shahar kengashi majlislarini o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta’minlaydi;
  • Toshkent shahar kengashi majlislarini uzrli sabablarga ko‘ra Toshkent shahar kengashi raisi bo‘lmagan taqdirda o‘zi boshqaradi;
  • Toshkent shahar kengashi majlisida ko‘rib chiqiladigan masalalarning mohiyatiga ko‘ra, tegishli hududdagi davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislar hamda tuman kengashi rahbar xodimlarini hamda fuqarolar yig‘inlari vakillarini taklif etadi;
  • Toshkent shahar kengashi qarorlarini uning barcha a’zolariga va manfaatdor shaxslarga hamda tegishli hududdagi tuman kengashlariga shuningdek, fuqarolar yig‘inlariga yetkazadi;
  • Toshkent shahar kengashi o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarining tegishli davlat organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar, tuman kengashlari shuningdek, fuqarolar yig‘inlari tomonidan bajarilishini nazorat qiladi;
  • Respublika kengashi tomonidan belgilangan tartib asosida Toshkent shahar kengashi ijro apparati xodimlarining xizmat vazifalarini taqsimlaydi;
  • amaldagi qonunchilikka muvofiq Toshkent shahar kengashining ichki mehnat tartibi qoidalari, jamoa shartnomasi va vazifalar taqsimotini tasdiqlaydi;
  • tumanlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlar raislarining birinchi o‘rinbosarlari lavozimiga nomzodlarni tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosariga taqdimnoma kiritadi;
  • Toshkent shahar kengashi ijro apparati buxgalteri, bosh mutaxassislari, yetakchi mutaxassislar va boshqa xodimlariga shuningdek, tuman kengashlari raislarining yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Kengash kotiblari (tashkiliy-uslubiy guruh bosh mutaxassislari), bosh mutaxassislari va 1-toifali mutaxassislarini lavozimlariga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha buyruq chiqaradi hamda ular bilan mehnat shartnomasini tuzadi va bekor qiladi;
  • fuqarolar yig‘inlari, tuman kengashi hamda Toshkent shahar kengashi ijro apparati xodimlari orasidan davlat mukofotlari bilan taqdirlanishlari uchun hamda boshqa rag‘batlantirishga Toshkent shahar kengashi raisi bilan kelishgan holda Respublika kengashi boshqaruviga tavsiya etadi;
  • mehnat intizomini buzgan Toshkent shahar kengashi hamda tuman kengashi xodimlariga intizomiy jazo choralarini qo‘llaydi;
  • Toshkent shahar kengashi nomidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartibda shartnoma va bitimlar tuzadi;
  • mahalliy davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar oldida ishonchnomasiz Toshkent shahar kengashi nomidan ish yuritadi;
  • Toshkent shahar kengashi faoliyati natijalari hisobotining yuritilishini hamda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, davlat soliq xizmati organlariga va davlat statistikasi organlariga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etilishini nazorat qiladi;
  • o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni belgilangan tartibda va sifatli ijro etadi;
  • Respublika kengashi Ustavi va ushbu Nizomga muvofiq vakolatiga boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin. 

V. Toshkent shahar kengashi taftish komissiyasi

20. Toshkent shahar kengashi taftish komissiyasi mustaqil bo‘lib, Toshkent shahar kengashining tegishli rahbar organlari bilan bir vaqtda Toshkent shahar kengash konferensiyasida 5 (besh) yil muddatga tuziladi.

21. Taftish komissiyasi o‘z faoliyati to‘g‘risida Toshkent shahar kengashi konferensiyasida, zarur hollarda Toshkent shahar kengashi majlisida hisobot beradi.

22. Taftish komissiyasi a’zolari Toshkent shahar kengashi rahbar organlari tarkibiga tasdiqlanishi mumkin emas.

23. Taftish komissiyasi o‘z faoliyatini Respublika kengashi Ustavi, ushbu Nizom va Taftish komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq olib boradi.

24. Toshkent shahar kengashi konferensiyalari oralig‘ida Toshkent shahar kengashi va taftish komissiyasining qo‘shma majlisida taftish komissiyasidan chiqib ketgan a’zolari o‘rniga yangi a’zolar tayinlanishi mumkin.

VI. Qarorlar qabul qilish, konferensiya, kengash va boshqaruv majlislarida ovoz berish tartibi

25. Toshkent shahar kengashi majlislari va yig‘ilishi qarorlari majlislar va yig‘ilishda qatnashayotganlarning yarmidan ko‘pi ovoz bergandagina qabul qilingan hisoblanadi.
Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda majlislar va yig‘ilishda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. 
Toshkent shahar kengashning har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazasini yozma yoki og‘zaki ravishda bayon qilish huquqiga ega.

26. Toshkent shahar kengashi majlislari va yig‘ilishi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. 
Toshkent shahar kengashi majlisini o‘tkazish uchun kvorum bo‘lmaganda, o‘n kun ichida yangi majlis o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi. Ushbu hollarda Toshkent shahar kengashi majlisi kun tartibini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

27. Toshkent shahar kengashi majlisi ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi hamda tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, majlisga raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi.

28. Toshkent shahar kengashi boshqaruvi yig‘ilishi qaror bilan rasmiylashtiriladi va a’zolari bilan kelishilgan holda kengash raisining birinchi o‘rinbosari tomonidan imzolanadi. 

VI. Toshkent shahar kengashining yuridik shaxs sifatida huquqlari

29. Toshkent shahar kengashi yuridik shaxs hisoblanib, o‘z muhri, shtampi, Respublika kengashi tomonidan tasdiqlangan blankiga, mulkiga, mustaqil balansiga hamda banklarda milliy va valyuta hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
Respublika kengashining belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan ramzidan foydalanadi.

VII. Toshkent shahar kengashining pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkini shakllantirish manbalari

30. Binolar, inshootlar, turar joylar, uskunalar, inventar, pul mablag‘lari, shu jumladan, chet el valyutasidagi pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklar Toshkent shahar kengashning mulki bo‘lishi mumkin.
Toshkent shahar kengashining mol-mulklari Respublika kengashining mulki hisoblanadi.
Toshkent shahar kengashining mol-mulklari alohida balansda hisobga olinadi hamda Respublika kengashining balansida aks ettiriladi. 
Toshkent shahar kengashining balansida bo‘lgan mol-mulklar (binolar, inshootlar, avtomobillar, turar joylar, uskunalar, inventarlar va boshqalar) Respublika kengashi boshqaruvining tegishli qarori bilan tasarruf qilinadi. 
Toshkent shahar kengashining pul mablag‘lari va yuqoridagi bandda ko‘rsatilmagan boshqa mol-mulklari respublika kengashining birinchi o‘rinbosari roziligi bilan Toshkent shahar kengashi boshqaruvi qarori bilan tasarruf qilinadi.  

31. Toshkent shahar kengashining pul mablag‘lari va mol-mulkini shakllanish manbalari quyidagilar:
  • O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan ajratilgan pul mablag‘lari va mol-mulklari;
  • belgilangan tartibda ajratilgan Davlat byudjetining mablag‘lari;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning mablag‘lari;
  • grantlar, xayriya va homiylik mablag‘lari;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriyalari;
  • o‘tkaziladigan turli madaniy tadbirlardan tushadigan daromadlar;
  • qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar.

VIII. Toshkent shahar kengashida mehnat munosabatlari

32. Toshkent shahar kengashi ijro apparati xodimlari bilan mehnat munosabati ular bilan mehnat shartnomasi tuzish yo‘li bilan lavozimga tayinlash, mehnat qonunchiligi va normativ-huquqiy hujjatlar, jamoa shartnomasi hamda ichki lokal me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Shtatdagi xodimlarning shaxsiy varaqlari, yig‘ma jildlari va mehnat daftarchalari mehnat shartnomasi tuzilgan Respublika va Toshkent shahar kengashida saqlanadi.

IX. Toshkent shahar kengashida hisobga olish va hisobot

33. Toshkent shahar kengashi o‘z faoliyatining natijalari hisobini yuritadi hamda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi, soliq va statistika organlariga, Respublika kengashi boshqaruviga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etadi.

X. Ushbu Nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tartibi

34. Ushbu Nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish Respublika kengashi boshqaruvi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
35. Nizomga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Respublika kengashi boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadi hamda ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar Toshkent shahar Adliya boshqarmasidan qayta ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng kuchga kiradi. 

XI. Toshkent shahar kengashini qayta tashkil etish va tugatish

36. Toshkent shahar kengashining tashkil etilishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi Respublika kengashi boshqaruvi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech